O‘tkazilgan monitoringda mazkur tergov hibsxonasida mahkum va mahkumalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, dori-darmonlar taʼminoti va boshqa jihatlar o‘rganildi.
O‘tkazilgan monitoring davomida kameralardagi erkak va ayollar hamda saylgohdagi 53 nafar ayblanayotgan shaxslar bilan jamoaviy suhbatlar o‘tkazilib, ular fikrlari o‘rganildi.
Shundan so‘ng, Ombudsman qutisi ko‘rilganda jami 9 nafar murojaat borligi aniqlandi. Qayd etish lozimki, “Ombudsman quti”lari faqat Ombudsman xodimlari tomonidan har ikki haftada ochiladi va murojaatlar ijroga qaratiladi.
Monitoring doirasida murojaat qoldirgan shaxslarning barchasi bilan holi tarzda suhbatlar o‘tkazilib, ularning ariza va shikoyatlari qabul qilindi. 2 nafar murojaatchi Ombudsman mintaqaviy vakilining sud majlisidagi ishtirokini so‘ragan bo‘lsa, bir nafari tergov hibsxonasi xodimi ustidan ruhiy bosim o‘tkazayotgani bo‘yicha shikoyat qildi. Mazkur murojaat o‘rganilganda ushbu xodimga nisbatan IIV huzuridagi JIED 2-son Mintaqaviy Muvofiqlashtiruvchi markazi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligi maʼlum bo‘ldi. Mazkur murojaat nazoratga olindi. Qolgan 6 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati