Dunyodagi ko‘plab davlatlarining Ombudsmanlarini jamlagan mazkur konferensiya inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda Ombudsmanlarning fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda davlat idoralari bilan hamkorligi, inson huquqlarini himoya qilishda raqamlashtirish mexanizmlari, global inqirozlarda inson huquqlarining taʼminlanishi, malakali tibbiy yordam olish huquqi kabi masalalar bo‘yicha tajribalari o‘rganiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtalar ekan, bu jarayonda Ombudsman instituti oldida turgan vazifalarga urg‘u berdi. Ayniqsa, murojaatlar bilan ishlash orqali buzilgan huquqlarni tiklash, penitensiar muassasalarga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.
BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash" loyihasi ko‘magida Italiyaga amalga oshirilgan tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati