Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirda 50 nafarga yaqin eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan fuqarolar ishtirok etishdi. Ochiq muloqot davomida mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar, ularning ijtimoiy himoyasi, taʼlim olishi, ishlashi borasida belgilangan imtiyozlar haqida maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan imkoniyati cheklangan shaxslar hozirda tikuvchilik, zardo‘zlik, kasanachilik va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotganliklarini hamda ijtimoiy obyektlarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
O‘zaro muloqot davomida Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov ular murojaatlarini o‘rgandi. Uchrashuvda 10 dan ortiq murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi va 3 ta murojaat nazoratga olindi. Murojaatlarda ish haqini undirish, ijtimoiy yordam olish, jumladan, uy-joyni taʼmirlash, sog‘lig‘ini tiklashda amaliy yordam berish masalalari ko‘tarildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati