Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 4 nafar murojaatchi ishga tiklandi va ular foydasiga 83 mln so‘m undirildi - Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 4 nafar fuqaro Kadastr agentligining Jizzax viloyat boshqarmasidan asossiz ishdan bo‘shatilganliklari sababli ishga tiklashda  yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni joyiga chiqib o‘rganish  uchun Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘tkir Jo‘rayevga yuborildi. Holat Jizzax viloyat kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi xodimlari bilan o‘rganilganda aniqlanishicha, 4 nafar murojaatchi ish joyida shtatlar qisqartirilganligi vaji bilan ishdan bo‘shatilgan, lekin, bu jarayon mehnat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilmagan.

Shundan so‘ng, murojaatchilarni ishga tiklash va oylik maoshi hamda maʼnaviy zararlarni undirish bo‘yicha fuqarolar manfaatida sudga daʼvo ariza kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumnalararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirildi. 4 nafar murojaatchi oldingi egallab turgan lavozimlari uchun bo‘sh shtatlar mavjud emasligi sababli, ularga tenglashtirilgan va yuqori bo‘lgan vazifalarga tiklandi. Shuningdek, ularning har biriga o‘rtacha 15 mln so‘mga yaqin oylik ish haqlari hamda 6 mln so‘mdan maʼnaviy zarar, jami  83 mln so‘mga yaqin summa undirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati