Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan ota-ona o‘rniga taʼlim xarajatlarini qoplayotgan farzandlarga ham soliq imtiyozi qo‘llanilishini taklif qilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilib boriladi. Ularda ko‘tarilgan muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish maqsadida Ombudsman tomonidan takliflar ishlab chiqiladi.

Ombudsman nomiga ijtimoiy huquqlarni taʼminlash, jumladan taʼlim uchun kontrakt puli to‘lovi, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, imtiyozlar berish kabi masalalar yuzasidan shu kunga qadar yuborilgan murojaatlar o‘rganilganda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan ota-ona tomonidan taʼlim kreditlarini so‘ndirishda muammolar mavjudligi aniqlandi.

Maʼlumki, soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan farzandlariga taʼlim to‘lovlarini o‘z oylik ish haqlaridan to‘lab bersalar, 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishlari mumkin. Bu tartib o‘zi ishlab o‘z kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi.

Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadida joriy etilgan ushbu imtiyoz fuqarolarga ancha yengillik bermoqda. Lekin, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarda ota-onaning doimiy daromad manbai bo‘lmaganligi sababli, kredit to‘lovlarini ularning boshqa farzandlari to‘lanayotganligi holatlari aniqlanmoqda. Bunday hollarda esa ushbu soliq imtiyozi qo‘llanilmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman taʼlim xarajatlarini qoplayotgan boshqa farzandlar, yaʼni opasini, singlisini, akasini, ukasini  o‘qishiga yordam berayotgan aka-uka va opa-singillarga nisbatan ham soliq imtiyozini qo‘llashni taklif qilmoqda.

  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati