Aniqlanishicha fuqaro M.N. 2021 yildan buyon "Jizzax suv taʼminoti" MCHJning Forish filialining Murojaatlar bo‘limi, ijro intizomi mutaxassisi sifatida ishlab kelgani va 2023 yil sentyabr oyida homiladorlik va tug‘ruq taʼtiliga chiqqan. Ushbu masalada 2 oydan buyon bir necha bor jamiyatning Forish filiali bosh hisobchisiga murojaat qilganda, tushum rejasi bajarilmagani uchun kechikayotgani aytilgan.
Mazkur masala Ombudsman nazoratiga olinib, murojaatchining huquqlarini tiklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga murojaat qilindi. Natijada "Jizzax Suv taʼminoti" MCHJ tomonidan fuqaro M.N. plastik kartasiga homiladorlik va tug‘ish taʼtili nafaqasi to‘liq o‘tkazib berildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha 70 kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish taʼtili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish taʼtili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qatʼi nazar, to‘liq beriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati