Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Subsidiya olish bo‘yicha arizam tizimdagi xatolik sababli asossiz rad etildi” - fuqaro murojaati Ombudsman nazoratiga olindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Samarqand viloyatidan fuqaro M.N. subsidiya asosida uy-joy olish uchun elektron platforma orqali yuborgan murojaati asossiz ravishda rad qilingani bo‘yicha shikoyat qildi.

Murojaatda yozilishicha, fuqaro M.N. 2023 yil boshida yo‘llagan murojaati u Samarqandda yashayotgan bo‘lsa-da Toshkent shahrida ro‘yxatda turgani sababli rad etilgan.

Shundan so‘ng, murojaatchi ayol eri bilan Samarqand shahriga doimiy yashash uchun ro‘yxatga o‘tadi. 2023 yilning oktyabr oyida My.gov.uz platformasi orqali yana murojaat yuboradi, lekin, yana rad etiladi. Buning sababini aniqlash maqsadida fuqaro M.N. Samarqand shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limiga borganida, ularning arizasi kelib tushmaganligini aytishgan. 

Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro M.N.ning arizasi Toshkent shahar, Olmazor tumaniga yuborilgan. Ariza Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi talabgorlarni tanlash komissiyasi va masʼul tashkilotlarga noto‘g‘ri yuborilishi oqibatida fuqaro M.N. uy-joy olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, elektron tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Ombudsman xulosasi kiritildi.

Natijada fuqaro M.N.ning My.gov.uz platformasi orqali yuborgan arizasi Samarqand shahrida subsidiya ajratiladigan talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga yo‘naltirilgan va murojaatchiga subsidiya ajratildi.

Murojaatchi M.N.ning maʼlum qilishicha, ularga subsidiya ajratilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va hozirda yangi uyga ko‘chib o‘tishgan.

Ahamiyatlisi, “subsidiya.idm.uz” dasturidagi integratsiyalashtirish bilan bog‘liq kamchiliklar tizimli bartaraf etilib, yuqoridagi kabi holatlarni keltirib chiqaruvchi sabab bartaraf etildi.

Shuningdek, Ombudsmanga Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro R.g. ijtimoiy sharoiti og‘irligi va boshpanasi yo‘qligi sababli uy-joy berilishida yordam so‘rab murojaat qilgan edi.

Murojaatchi, boquvchisiz ekani va 1 nafar farzandi tug‘ma yurak nuxsoni bilan tug‘ilgani sababli yaqinda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganligini, uy berish va ijtimoiy yordam olish masalasida bir necha marotaba mahalla va hokimliklarga ham murojaat qilgan.

Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, Buxoro viloyati hokimligiga ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan fuqaro sharoitini o‘rganishni so‘rab murojaat yo‘lladi.

Natijada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga ko‘maklashish bo‘yicha tuman komissiyasining xulosasi bilan murojaatchi R.G.ga ijtimoiy uy ajratildi.

Shuningdek, fuqaro R.G. "Ayollar daftari"ning 3-toifasi ro‘yxatiga kiritilib, unga 1 320 000 so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati