Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi “Arabsaroy”, “Sovungar” va “Saroy” MFY aholisi uchun o‘tkazildi.
Shu kuni Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili fuqarolar qabulini ham o‘tkazdi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda 300 nafardan ortiq fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan aholiga 8 turdagi 107 mln so‘mlik bepul dori darmonlar tarqatildi hamda 100 nafar fuqaro bepul ko‘zoynaklar bilan taʼminlandi.
Tadbirga O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi ham jalb etilib, kam taʼminlagan fuqarolarga 45 ta sayohat uchun yo‘llanma, 1 ta nogironlik aravachasi, 11 ta hassa va qo‘ltiqtayoqlar berildi.
“Ombudsman maktabi” doirasida Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Unda 23 nafar fuqaroga ishga joylashish hamda 3 nafar fuqaroga Monomarkazda kasbga o‘rgatish uchun yo‘llanmalar berildi.
Shu bilan bir qatorda, Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari xodimlari tomonidan 32 nafar fuqaroga mobil xizmatlar ko‘rsatildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati