Murojaatchining yozishicha, qizi K.S. 2022-yildan buyon Koreyada ishlayotgani, uning 8 yoshli o‘g‘li esa erining qaramog‘ida qolgan. Murojaatga ilova qilingan videoyozuvda er-xotin video qo‘ng‘iroq orqali janjallashganida, ota o‘g‘lining bo‘g‘ziga pichoq tiragani aks etgan. Shuningdek, ayol eri tomonidan ko‘p marotaba kaltaklangani va sog‘lig‘iga zarar yetgani haqida gapirgan.
Murojaat darhol Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi.
Aniqlanishicha, hozirda fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘li buvisi bilan yashamoqda. Bola bilan suhbat o‘tkazilganda, ota-onasi o‘rtasidagi salbiy munosabatdan norozi ekanligini, otasi bilan yashashni xohlamasligi hamda buvisi bilan qolishni istashini bildirgan. Shundan so‘ng, fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘liga buvisi vaqtinchalik vasiy etib tayinlandi.
Ota esa voyaga yetmagan farzandiga nisbatan o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati