Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoqlarni oldini olish borasida Parlament va Ombudsman hamkorligi
2024-yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining "Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarining insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir faoliyati to‘g‘risida"gi axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylangani alohida ta’kidlandi. Jumladan, mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlarini ta’minlash holatlari muntazam ravishda Ombudsman boshchiligida jamoatchilik guruhlari bilan o‘rganilayotgani, ushbu monitoring tashriflarida deputatlar ham ishtirok etayotganliklari qayd etildi.

Majlisda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mansur Qodirov tizimga  raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual “Smart” kameralar, videoregistrator, rentgen-skaner qurilmasi, elektron do‘konlar joriy etish, “onlayn” videouchrashuv xizmatini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda Ombudsman tomonidan Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 2024-yil 1-chorakda amalga oshirilgan monitoring tashriflarida aniqlangan holatlar ko‘rib chiqildi.

Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilning 1-choragida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 189 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Monitoring tashriflarida 2 mingga yaqin mahkumlar (mahbuslar) bilan jamoaviy hamda ming nafarga yaqin mahkumlar (mahbuslar) bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida bu joylarda saqlanayotgan shaxslarning saqlash sharoitlari, ya’ni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar orasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi, mahkumlarga nisbatan qilinayotgan muomala va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilmoqda.

Majlisda Ombudsman o‘rganishlaridan kelib chiqib, jazoni ijro etish muassasalarida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar va tavsiyalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati