Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili magistratura tinglovchilariga mashg‘ulot o‘tdi  
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirokida mashg‘ulot tashkil etildi. Unda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida so‘z bordi.

Feruza Eshmatova MDH miqyosda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda joriy qilingan ushbu institut hozirda nufuzli xalqaro tashkilotlarning to‘laqonli aʼzosi ekanligiga urg‘u berdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilib, sohada izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman institutining vakolatlari yana-da kengaygani taʼkidlandi. Tub o‘zgarishlar natijasida institut fuqarolar huquqlarini kafolatlashda davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prikka aylangani qayd etildi.

Davra suhbatida Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi. Jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari xodimlaridan faoliyatni xalqchil mexanizmlar asosida tashkil qilishni taqozo etayotgani aytib o‘tildi. Bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalar, tizim rahbarlari oldida turgan ustuvor talab va vazifalar yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili akademiya rahbari Rustam Xatamov bilan muloqot qildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ichki ishlar organlari tizimida aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirilgan yangi tizim amaliyotga tatbiq qilingani, tizimning quyi bo‘g‘inlari faoliyatini yana-da takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi. Tomonlar Ombudsman instituti bilan hamkorlikda taʼlim oluvchilar va amaliyot xodimlari uchun dolzarb yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etishga kelishib oldilar.

Uchrashuv so‘nggida Feruza Eshmatova zamonaviy taʼlim jarayonlari, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashning o‘ziga xos yondashuvlari bilan tanishdi.