Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Toshkent shahridan fuqaro K.L. ijtimoiy yordam olish bo‘yicha oferta shartnomasini imzolash va undagi ayrim so‘zlarga o‘zgartirish kiritishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida murojaatchi keltirgan jumlalarning ba’zilarini o‘zgartirish shartnoma talablari va mazmunini o‘zgartirmasligi aniqlandi. Natijada Oferta shartnomasining kirish qismidagi “mazkur ommaviy ofertani boshqa biror bir shart, istisno va kelishuvlarsiz qabul qiluvchi” jumlasini hamda 3-xatboshida keltirilgan “moneliksiz” so‘zini olib tashlash belgilandi. Shuningdek, “Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” shartnomasidagi “tuzilgan tartibda” so‘zini “tuzish jarayonida” jumlasiga almashtirib bo‘lmasligi haqida tushuntirishlar berildi.

Hozirgi kunda fuqaro K.L. tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, o‘zgartirilgan “Oferta shartnomasi” va “Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” shartnomasi imzolandi hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa sifatida ijtimoiy yordam olish uchun biriktirildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash, ularning yashash sharoitlarini baholash, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reyestriga kiritish, individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasini shakllantirish hamda ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning samaradorligini monitoring qilish tartibi belgilangan.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs toifasini belgilash, Reyestrga kiritish va chiqarish, yashash sharoitlarini baholash bo‘yicha xulosa va individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tasdiqlash «Inson» markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati