Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2024 yilning birinchi yarim yilligida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va ularni ko‘rib chiqish natijalariga bag‘ishlangan
BRIFING

2024 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 8915 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davrida 7107 tani tashkil etgan.

Murojaatlarning 31 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari tomonidan respublika bo‘ylab 31 marotaba sayyor qabullar tashkil etildi.

Jami murojaatlarning 27,1% ijtimoiy, 24,6% iqtisodiy, 15,3 % shaxsiy huquqlarga, 14,2% harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslar huquqlarini taʼminlashga, 11,9% fuqarolik va murojaat qilish, 1,3% bola huquqlari va 1,0% ekologik huquqlarga va 4,6% boshqa masalalarga oid.

Murojaatlar gender belgilariga ko‘ra tahlil qilinganda, jami murojaatlarning 43 % xotin-qizlarga, 57% erkaklarga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga va Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga jami 7644 ta murojaat kelib tushgan. Bu jami murojaatlarning 86%ni tashkil etadi. Bugungi brifingda ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga to‘xtalamiz.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 67 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 1 mlrd 269 mln.so‘mni tashkil etdi. Shundan, salkam 261 mln so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 663,3 mln.so‘mga yaqin mablag‘ fuqarolar foydasiga undirildi.

Xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 91 mln so‘mga yaqin aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlandi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 5 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 3 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 18,4 mln so‘m miqdorida kommunal qarzdorlikning so‘ndirilishida, 51 mln so‘mlik turli jarimalarning bekor qilinishida va 7 nafar fuqaroga turar joyga kadastr hujjatlarining rasmiylashtirilishida va ijtimoiy uy ajratilishida ko‘maklashildi.

5 nafar fuqaro turar joyga nisbatan xususiylashtirish ishtirokchilari deb topildi. 2 nafar murojaatchining mulkiga va bank kartasiga qo‘yilgan taqiq yechildi.

22 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi va ishga tiklandi, 5 ta holatda ish beruvchini xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etildi. 5 ta holatda murojaatchilarning pensiya olish huquqi taʼminlandi.

Ombudsmanning so‘roviga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan sudlarga ishga tiklash va ish haqini undirish yuzasidan 5 ta daʼvo ariza kiritildi.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 7,0 mingdan ortiq aholi yashaydigan hududda maktab o‘quvchilari va bemorlarning chorrahadan o‘tishlarida xavfsizliklarini taʼminlash maqsadida svetofor o‘rnatilishi taʼminlandi. Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tartibga solinmagan chorrahaga svetofor o‘rnatilishi bo‘yicha Ombudsman so‘roviga muvofiq viloyat IIB tomonidan tegishli tashkilotga taqdimnoma kiritildi.

2 ta holatda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ombudsman so‘roviga muvofiq, 3 nafar fuqaro maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

1 nafar fuqaroga nisbatan JKning 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan ish tugatilgan. Yana bir holatda  fuqaro taftish instansiyasi sudining ajrimi bilan javobgarlikdan ozod etildi.

6 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida Ichki ishlar bo‘limlari tergovchilari tomonidan qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish uchun yuborilgan.

26 nafar davlat organlari va idoralarida ishlaydigan masʼullarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, shundan 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida prokuratura organlariga qilingan so‘rovlarga ko‘ra, davlat tashkilotlarida ishlovchi 3 nafar masʼulga JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ombudsman so‘roviga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlarining 10 nafar masʼul xodimi o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortildi va 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati