Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida»gi qonun loyihasida qanday yangi normalar aks etgan?
Joriy yilning 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, konseptual maʼqullangan edi.

Ushbu qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

-davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi;

-Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqi;

-Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruza taqdim etish;

-Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi;

-Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari maqomi;

-Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish;

-Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida  taqdimnoma kiritish;

-davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida, shu jumladan Oliy sud Plenumi majlislarida Ombudsmanning ishtirok etish huquqi;

-jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida «Ombudsman qutisi»ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, unda erkinlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan murojaatlarni joylashtirish tartibi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati