Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman BMTTD Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligini munosabati bilan inson huquqlari borasidagi islohotlardan xalqaro hamjamiyatni xabardor etish maqsadida mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasida qator tadbir va muhim uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirok etmoqda.

2024-yilning 29-iyun kuni Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmani BMTTD shtab-kvartirasida, BMTning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Ivana Jivkovich bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida BMTTD vakillariga O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng o‘zgarishlar, jumladan, inson huquqlari, parlament saylovlari, bu boradagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar, shuningdek, Ombudsman instituti faoliyati haqida so‘z bordi.

O‘zaro muloqot davomida mezbon keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi aloqalar tobora kuchayib borayotgani, hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda mintaqada yetakchi ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, Ivana Jivkovich Ombudsman hamda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab quvvatlashda  hamda yanada kuchaytirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar istiqboldagi hamkorlik loyihalari yuzasidan fikr almashishdi.

Ombudsman shuningdek,  28-avgust kuni BMT qarorgohida, diplomatik korpus va diaspora vakillari ishtirokida mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan qabulda ham ishtirok etdi.

Ombudsman xizmat safari doirasida  shuningdek, BMTning tuzilmalari yig‘ilishlarida ishtirok etadi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), va qator boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashadi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati