Mazkur Qonun 8 ta bob, 57 ta moddadan iborat bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qarorlari, shuningdek yangilangan Konstitutsiya asosida ishlab chiqildi. Amaldagi qonun esa 22 modda va bir nechta prim moddalardan iborat edi.
Ushbu Qonun mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni yana-da to‘laqonli taʼminlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan. Jumladan, qonunga muvofiq Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilmoqda. Shuningdek, Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining huquqiy faoliyati hamda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarning doimiy asosda ishlashi va monitoring tashriflaridagi ishtiroki va boshqa normalar ham belgilanmoqda.
Qonunda Ombudsmanning taʼsir choralarini aniq belgilash maqsadida ularning turlari (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda aks ettirilib, alohida moddalarda ifoda etildi.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirishi, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirishi va uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini kengayishiga hamda hududlardagi ishtirokini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati