Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi
2024 yilning 23 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun 8 ta bob, 57 ta moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilgan. Amaldagi qonun esa 22 modda va bir nechta prim moddalardan iborat edi.

Mazkur Qonun mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni to‘laqonli taʼminlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim etishi belgilanmoqda.

Qonun bilan Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.

Shuningdek, Qonunda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining huquqiy faoliyati hamda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarning doimiy asosda ishlashi, monitoring tashriflaridagi ishtiroki, mahkum va mahbuslarning “Ombudsman qutisi” orqali murojaat qilishining huquqiy mexanizmi ham mustahkamlanmoqda.

Qonunda Ombudsmanning taʼsir choralarini aniq belgilash maqsadida ularning turlari (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda aks ettirilib, alohida moddalarda ifoda etildi.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi Ombudsman institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirib, inson huquqlari sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini to‘ldiradi hamda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.

Uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlari kengayishiga va hududiy vakilliklari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati