O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatning ishonchli kafolati
2024 yil 28 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatning ishonchli kafolati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Qurolli kuchlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari va qator oliy taʼlim muassasalari talabalari ham ishtirok etishdi.
Konferensiyada ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni qurishdagi roli, fuqarolarning siyosiy huquqlari va ijtimoiy farovonligini kafolatlash bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.
Tadbirda so‘z olgan Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman o‘z nutqida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashda Konstitutsiyaning ahamiyati, uning qoidalarini amaliyotga joriy etishdagi ustuvor vazifalar hamda Ombudsman institutining ushbu jarayondagi roliga alohida to‘xtaldi.
Ilmiy-amaliy konferensiya yakunlariga ko‘ra, Bosh qomusimizning demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni qurishdagi ahamiyatini tahlil qilish, Konstitutsiya normalarini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish va fuqarolarning huquqlarini taʼminlash borasida takliflar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati