Xususan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan, biroq, uni ratifikatsiya qilish masalasi hal etilmagan edi. Davlat rahbarining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ushbu masala ilgari surilib, imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish, alohida qonun qabul qilish lozimligi taʼkidlangan edi.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar Strategiyasining 2020 yilgi Davlat dasturiga muvofiq, 2020 yilning 15 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun imzolandi.
Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.
Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi bildirilgan va O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlangan edi.
Yurtboshimizning xalqaro tashabbusi doirasida, O‘zbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi.
Mazkur Konvensiya - nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.
Bir so‘z bilan aytganda, endilikda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari mavjud. Galdagi dolzarb masala – ushbu normalarda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishidan iborat.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) manziliga ham nogironligi bo‘lan shaxslar tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi va ular shaxsan Ombudsman nazoratiga olinadi. 2020 yilgi murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, imkoniyati cheklangan shaxslar ko‘pincha nogironlikni belgilashda ortiqcha ovoragarchilik va sarf-harajatlarni keltirib chiqaruvchi omillarning mavjudligidan, ish topishda to‘siqlar borligidan norozi bo‘lib murojaat qilishgan. Qolaversa, arizalar orasida uy-joy ajratishdagi imtiyozlardan foydalanish va maxsus aravacha, protez va boshqa vositalarni bepul ajaratilishi ko‘mak so‘rab murojaat etishgan.
Alohida qayd etish kerakki, bu kabi masalalar joriy yil kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonuni bilan o‘z yechimini topishi belgilangan. Unga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirilib, tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq qator masalalar ham Qonun darajasida belgilandi. Tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport inshootlari, dam olish, shuningdek turistik obyektlardan bepul foydalanishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi, ularga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida tegishli choralar ko‘rishi, nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, parvarish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqi shular jumlasidan.
Qolaversa, qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi va boshqa shu kabi qator imtiyozlar va huquqlar belgilangan.
Eng muhimi, qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.
Ushbu normaning nozik bir jihati borki, bu tegishli davlat tashkilotlari va hokimiyatlarga anchayin murakkab, zalvorli va moliyaviy tomondan yaxshigina mablag‘ talab etuvchi vazifalarni yuklaydi. Bu – nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy obyektlarda hech qanday to‘siqlarsiz harakat qilishi uchun shart-sharoitlarni yaratishdir. To‘g‘ri, shu kunga qadar ham bino va inshootlar, yo‘laklar, transport vositalarining maʼlum bir qismigina nogironlarning erkin harakatlanishi uchun moslashtirildi, lekin bu yetarli emas. Bundan buyon nogironligi bo‘lgan shaxslarni hech bir shaklda kamsitilishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham, avvalambor, qulay muhitni taʼminlashning aniq mexanizmlarini joriy qilish maqsadga muvofiq. Imkoniyati cheklangan shaxslar har qanday ijtimoiy obyektlardan va xizmatlardan hech qanday to‘siqlarsiz foydalana olishlari shart. Shu bilan birga, ularni taʼlim bilan to‘liq qamrab olish maqsadida inklyuziv taʼlim olish huquqini amalga oshirish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish lozim.
Bu borada nafaqat davlat tuzilmalarining, balki fuqarolik jamiyati institutlarining ham faolligi talab etiladi. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan sharoitlarni yaratish bo‘yicha barcha nodavlat notijoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ishlashga tayyor.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Ombudsman instituti bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, uning doirasida aholining nogiron qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy hayotda faol qatnashishlari uchun ko‘maklashish, mehnatga jalb etish, ularning huquqlarini himoya qilish, ushbu yo‘nalishda ularning huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirish bo‘yicha hamkorlikda ishlanmoqda. O‘ylaymanki, bu boradagi amaliy ishlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlash davr talabiga aylandi. Shu jihatdan Ombudsman instituti tomonidan mamlakatimizda nogironlik sohasida faoliyat yuritayotgan 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda joylarda yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish, imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish bilan birgalikda mazkur xujjatning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shunisi eʼtiborliki, BMTga aʼzo davlatlar dastlabki milliy maʼruzani Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan. Demak, jahon hamjamiyatiga bu borada dastlabki hisobotni taqdim etishimizga vaqt yetarli. Agar shu muddat mobaynida barchamiz birlashgan holda harakat qilsak, nafaqat poytaxt, balki respublika bo‘ylab nogironlarning munosib yashashi, o‘qishi, mehnat qilishi, davolanishi va dam olishi uchun moslashtirilgan sharoitlarni yaratilishiga erisha olamiz. Demak, shu zaminda yashayotgan har bir inson, hattoki jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham hayotidan rozi bo‘lishi uchun harakat qilsak, shu saʼiy-harakatlarimiz natijasidan butun jamiyatimiz bahramand bo‘ladi.
Feruza ESHMATOVA
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)