Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Milliy preventiv mexanizm: xalqaro tajriba
Xabaringiz bor, joriy yilning 8 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan edi. Unda 10 ga yaqin mamlakat, jumladan Rossiya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston davlatlarining  Ombudsmanlari ham ishtirok etib, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.  

Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida Jamoatchilik kuzatuvi komissiyalari taʼsis etilgan. Ushbu Komissiya faoliyati mahkumlar huquqlarini himoya qilishda umumeʼtirof etilgan tamoyillar va xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etilgan bo‘lib, u Milliy preventiv mexanizmning muqobil shakllaridan hisoblanadi. Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmani mazkur Komissiya aʼzolari bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib bormoqda.

2020 yilda Covid-19 infeksiyasining tarqalishi munosabati bilan qatʼiy karantin cheklovlari o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sog‘liqni saqlash tizimidagi 688 ta vaqtincha saqlash muassasalariga inson huquqlarining taʼminlanishi bo‘yicha monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Jamoatchilik kuzatuvi komissiyalariga 25 yoshdan oshgan va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan yoki tegishli mamlakatning rasmiy vakili bo‘lgan shaxslar aʼzo bo‘lishi mumkin. Komissiya aʼzolari 3 yilga tayinlanadi. Advokatlar, sudlangan shaxslar va mahkumlarning yaqin qarindoshlari mazkur komissiyaning aʼzosi bo‘lishlari mumkin emas.  

Jamoatchilik kuzatuvi komissiyalarining milliy preventiv mexanizmdan farqi shundaki, u territorial hududga ko‘ra shakllantiriladi hamda davlat tomonidan moliyalashtirishni ko‘zda tutmaydi. Milliy preventiv mexanizm esa maxsus bo‘linmalarni nazarda tutadi va Ombudsman bilan birgalikda faoliyat yuritadi. Uning biron bir hududga biriktirilmaganligi esa nazoratning obyektivligi va to‘satdan ogohlantirishlarsiz o‘tkazilishini taʼminlaydi.  

 

Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsman Sheref Malkoch o‘z nutqida 2020 yilda Ombudsman institutining faoliyati yakunlariga alohida eʼtibor qaratdi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Turkiya Respublikasi Ombudsmaniga pandemiya davrida inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 90 mingga yaqin ariza kelib tushdi.

So‘nggi ikki yil ichida mahkumlarning arizalari soni 2500 ga yetganligi qayd etildi. Turkiya Respublikasi Ombudsmani 13 marotaba turli penitensiar muassasalarga tashrif buyurib, 170 mahkumni va mahbuslar bilan suhbatlashdi. Har bir monitoring tashrifi davomida Covid-19 infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq xavfsizlik choralariga rioya etilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Turkiya dunyodagi eng ko‘p migrantlarni qabul qiluvchi mamlakat bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda Turkiyada 5,0 million qochoq va boshqa muhojirlar bor. Ombudsman o‘z navbatida ushbu qochqinlarni saqlash sharoitlarini va ularning huquqlarini hurmat qilish holatini o‘rganadi. Sheref Malkoch o‘z so‘zida Turkiya Respublikasi Ombudsmani 2021 yil aprel oyida Turkiya Prezidenti tomonidan eʼlon qilingan inson huquqlari bo‘yicha Harakatlar rejasini tayyorlash jarayonida ishtirok etganligini eʼtirof etdi. U, shuningdek, ushbu Harakatlar rejasi penitensiar muassasalarda mahkumlar uchun sharoitlarning yaxshilanishiga qaratilgan ko‘plab qoidalar o‘z aksini topganligini aytib o‘tdi.

Xalqaro konferensiyada Serbiya Respublikasi Ombudsmani o‘rinbosari Natasha Tangjevich ham maʼruza qilib, u Serbiyada milliy preventiv mexanizm doirasida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida huquq faollaridan tashqari sud ekspertlari, shifokorlar va psixologlar ham ishtirok etayotganligini, shuningdek Ombudsman har yili aeroportlardagi vaqtincha saqlash joylariga, harbiy muassasalarga, psixiatriya shifoxonalariga, politsiya uchastkalariga, narkologiya markazlariga tashrif buyurish rejasi tuzilishini aytib o‘tdi.

Monitoring tashrifidan so‘ng ikki kun o‘tgach Ombudsman yozma ravishda o‘z tavsiyalarini beradi. Ko‘pincha, tavsiyalarning asosiy qismi inobatga olinadi.

Bundan tashqari, milliy preventiv mexanizm doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning shifokor, advokat va boshqa mutaxassislar bilan uchrasha olish imkoniyati yaratilganligi alohida eʼtirof etildi.

 

Tadbirda so‘z olgan Qozog‘iston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Elvira Azimova Qozog‘istonda ham milliy preventiv mexanizmning Ombudsman + modeli joriy etilganini qayd etdi.

Ombudsman 2004 yildan buyon milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari va maxsus ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi va ixtisoslashtirilgan muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazilib kelinayotganligini, hozirgi kungacha milliy preventiv mexanizm doirasida
3 mingdan ortiq muassasalarga reja asosida va rejadan tashqari tashriflar amalga oshirilganligini aytdi. Shuningdek, Ombudsman ushbu muassasalarni 3 yilda kamida bir marotaba borib ko‘rishga harakat qilishini hamda Ombudsman safida sudyalar va advokatlar ishtirok etmasligini aytib o‘tdi.

Ombudsman bir muammoda to‘xtalib, markazdan turib butun mamlakatni qamrab olish qiyinligiga, buning uchun 17 ta hududda kichik milliy preventiv mexanizm doirasida guruhlar tashkil etilganligiga eʼtiborni qaratdi. Ombudsman faoliyatida esa o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar juda muhim va ahamiyatga ega ekanligi aytildi.

E.Azimova o‘z so‘zida Qozog‘istonda ham milliy preventiv mexanizm faoliyatini takomillashtirish borasida ishlar olib borilayotganligini, monitoringlar davomida ekspertlar, konsultantlar, psixologlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilish ehtiyoji mavjudligini bildirdi.

Shuningdek, milliy preventiv mexanizm ishchi guruhi aʼzolarining daxlsizligi va himoyasini taʼminlash bilan bog‘liq masalalar hal etilishi kerakligi maʼlum qilindi.    

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati