Murojaatchining yozishicha, uning onasi avtohalokatga uchrab, I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifoxonada birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib Respublika neyroxirurgiya markaziga tibbiy tekshiruv o‘tqazilishi va muolajalar tayinlanishi uchun yuborilgan. Oradan 3 kun o‘tgach, nafaqada bo‘lgan bemorning ahvoli og‘irlashib, og‘riq kuchaygan. Bemorning yana o‘sha shifoxonaga olib borishganida uning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay qabul qilinmagan.
Bemor qizining maʼlum qilishicha, bemor travmatolog va xirurg orasida “meni kasalim emas” degan vaj bilan sarson qilingan, shifoxona hamshirasi esa ular bilan qo‘pol muomalada bo‘lib, bemorni tashqariga chiqarib yuborgan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni o‘rganish va tegishli choralar ko‘rilishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat yuborildi.
Vazirlikning javob xatida bayon etilishicha bemorga 4-son SHKSh tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam amaldagi standartlar asosida ko‘rsatilgan, lekin rentgen tekshiruvida qovurg‘alardagi darz ketish jarohati mutaxassis tomonidan aniqlanmasdan xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Hamshiraning qo‘pol muomalada bo‘lganligi ham o‘z isbotini topgan.
Shu munosabat bilan, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar tibbiyot xodimlariga 4-son SHKSh maʼmuriyati tomonidan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati