Fuqarolardan Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakiliga kelib tushayotgan murojaatlar ko‘proq ijtimoiy sohaga tegishli bo‘lganligi sababli mazkur tadbir aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova, Oxangaron shahar hokimiyati, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Mehnat bozori tadqiqotlari instituti, Toshkent viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi vakillari, shuningdek mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla faollari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Qayd etish lozimki, Davlat rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida Ombudsmanning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan “Ombudsman maktabi”ni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida aholini, ayniqsa, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni o‘z vaqtida va to‘laqonli xabardor qilish, qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar va ulardan qay tarzda foydalanish usullari bilan tanishtirishdan iborat.
“Ombudsman maktabi” doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari vakillari aholi bandligini taʼminlash, monomarkazlar faoliyati, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yaratilgan imkoniyatlar va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sportni rivojlantirish borasidagi yangi norma va uning natijalari haqida fuqarolarga tushuntirish berdilar.
Tadbirdan so‘ng, Ombudsman fuqarolar murojaatlarini qabul qildi va nazoratga oldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati